Shamol
Bekobodning “achchiq” shamoli yana
boshlandi. Kim nima desa desin-u, men Bekobodimni shu shamoli uchungina yaxshi
ko’raman. Qish kunlari sovuq tanani teshib yuborgudek bo’ladi, buning ustiga
izg’irin shamol. Hamma shamolni qarg’aydi. Lekin men emas!
Asli Bekobodlik bo’lsam ham, ona shaxrimda
atiga bir necha yil yashaganman halos. Har safar borganimda shamolni sog’inib
boraman. Siz haqiqiy shamolni ko’rganmisiz bilmadim, lekin Bekobod shamoli bu-asl
shamol. Shunday paytlar bo’ladiki shamolning kuchi moshinalarni huddi, dengiz
kemalarni o’ynatgani kabi o’ynatadi, baland binolarni zirqiratadi, yoshroq
bolalarni uchirib yuboradi(ozgina lof bu yog’i). Nafas qisib, yuragim
sanchgudek bo’lsa hamma narsani yig’ishtirib ona shahrim tomon yo’l olaman.
Avtobusdan tushishim bilan shamol. Sovuq bo’lsa ham ustki kiyimimni oldini
ochvolib, qo’llarimni ikki yonga yoyib, shamolga qarshi yuraveraman,
yuraveraman...
Hali yosh bo’lsam ham ko’p shaxarlarni
ko’rdim, ba’zilarida yashadim. Boshida
shamollardan yashinib, panalab yurdim. Bo’lmadi. Shamol oqimi bilan birga
harakat ham qildim. Bu ham bo’lmadi. Keyin unga qarshi yurib ko’rdim....
Shundagina men o’z yo’limni topdim. O’shandan buyon qayerda bo’lmasin o’sha
shaxarning shamolini qidirardim yoki o’zi meni topardi. Har bir joyning o’zini
shamoli borligini shunda bildim.
Topganim zahoti unga huddi avvalgidek
qarshi yurdim. Hamma teskari oqim tomon suzsa ham, men qarshi yuraverdim, yuraman
ham... Bilmadim nega. Balki bu qonimda
bordir. Otam ham bir umr shamolga qarshi yurgan. Onam esa bir umr izg’irin
shamolda ulg’aygan bo’lsa ham, biror marta egilmagan. Men nega egilishim
kerak? Bolaligimda otam qo’limga
yog’ochdan yasalgan qilich berib, keng dalaning o’rtasida shamolga qarshi
urshtirar, jang qildirar edi. Shamol bilan jang-a! Ishonchim komilki siz hech
qachon bunday usulda mashq qilib ko’rmagansiz. Shamolning boshini yoki oyoq-
qo’lini ko’rganmisiz?! Men ko’rganman! Otam ko’rsatganlar! “Bu shamollar bolam,
hech nima emas. Hali hayotda bundan-da kuchliroq shamollarni ko’rasan. Bo’ron-u
dovullar ham chiqadi ba’zida, lekin sen hech unga taslim bo’lma. Doim unga
qarshi yurgin, buning imkoni bo’lmasa joyingdan jilma. Ko’ksingni kerib unga
qarshi turaver. Baribir u qachondir sekinlashadi, shunda tez harakat qilib
uning boshiga qilich sol”-deya yog’och qilichni havoda o’ynatib qo’yardi. “ Shunday
vaqtlar bo’ladi-ki kuchli shamollar seni yo’lingdan surib tashlashga harakat
qiladi, bunday holda sen bir-ikki qadam ortga chekin. Ammo fursat topganing
hamon oldinga qarab to’rt-besh qadam tashla”.
Boradigan manzilimga shamolga qarshi
yurmasdan yoki boshqa yo’llar orqali borasa ham bo’ladi, lekin men shunday
yurishga o’rganganman. Shamolga qarshi jang qilib katta bo’lganman. Manzilim
tomon yurganim sari o’zimni huddi tog’dek his qilaman. Tanalarimni teshib
o’tayotgan shamol huddi barcha gunoh-u, dardlarimni mendan olib ketayotgandek,
meni yiqitishga harakat qilib qattiqroq esgani sari, aksincha, kuch
berayotgandek bo’ladi. Shamollab qolishdan ham qo’rqmayman. Muhimi manzilimga
yetib borish. Yetib borganimdan so’ng “Nega buncha kech kelding?” deyishsa
mardonavor turib “Shamolga qarshi yurib keldim” deyish. “Shamolga qarab
baqirma, baribir eshitilmaydi” deyishadi. Bo’lmagan gap. Men baqiraman. Kerak
bo’lsa shamolga qarshi qo’shiq ham aytaman. Kimdir eshitadi-ku
baribir.Eshitishadi. Eshitib qolishar...
Shu paytgacha, shamolga qarshi turishni o’rganibman,
lekin shabboda qarshi birorta usulni bilmas ekanman. Qayerdan ham bilay. Mening shaxrimda shamol
bo’lsa bordir, lekin shabboda yo’q. Shabboda
bu-kunning issiq pallasida jonga rohat beruvchi, ozgina ko’ksingni ochiq
qoldirsang, kasal qiluvchidir.Shamol shuncha kuchli bo’lgani bilan, hali biror
marta qattiq ziyot yetkazmadi menga. Biroq, bu shabboda deganlari juda yomon
ekan. Sekin-asta esgani bilan,
shamollatib qo’yarkan. Ba’zida sal e’tiborsizroq qolsang bo’ronga ham aylanib
ketadi. Bunday holda u butun bor-yo’g’ingni surib tashlaydi ham. Buni endi
bildim. Eh otam-a, mega shu shabbodaga qarshi biror usulni ham
o’rgatmadiz-da,balki, o’zim o’rganishimni hohlagandirsiz. Shamolga oldindan
tayyor turasiz, nima bo’lishini bilasiz,qalinroq kiyinasiz. Ammo shabboda
ko’zizni shamg’alat qilib ichizni shamollatoyotganini bilmaskansiz...
Nima ham derdim, sekin-asta bunga qarshi ham biror chora toparman. Bu azim
shaxarning dimiqqan havosi-yu, jonga rohat beruvchi yuzaki shabbodalari jonimga
tegdi, ertaga Bekobodimga borib to’yib-to’yib nafas olib kelmasam bo’lmaydi. Shamolini
sog’indim...
Balki, ishonmassiz lekin shamolsiz yashay
olmayman. Mening o’rnimda siz ham yashay olmasdingiz.
Комментарии
Отправить комментарий