Doimo qalbimizdasan

-O’rningdan qimirlama bolam, yotaver.
-Yo’q-yo’q yaxshiman onajon. Shifokor o’rningdan bemalol turishing mumkin dedi.
-Ehtiyot bo’lginda...
Yigit krovatidan oyog’ini yerga tushirib, qaddini rostlamoqchi bo’ldi. Ammo boshi aylanib ketdi.
-Yotaqolgin bolam...
-Yo’q men turishim kerak ona. Yotsam yotib qolaveraman. Shafaqni ko’rmoqchiman, kun botishini tomosha qilish biram mazza-ki. Samarqandga borganimda tong otishini ko’rgan edim, endi ufqni ham ko’rmoqchiman.
Yana o’rnidan turishga harakat qildi. Bu safar o’zini eplay oldi. Ona-bola birga qo’ltiqlashib tashqariga yo’l olishdi. Koridordan yurib borishar ekan, yo’ldan chiqqan xamshira-yu, vrachlarning hammasi yer chizib qolishardi. Ertaga unga javob berishadi. Kasali o’tib ketgan ekan, imkoni bo’lmadi. Bu yog’i endi faqat Ollohdan. Qirq kunga yaqin davolandi o’ziyam. Bu vaqt davomida unga hammaning mexri tushib qoldi. Ko’ngli ochiq, sodda, bilimga o’ch yigit edi. Ayniqsa hamshiralar bilan xazillashishni yaxshi ko’rardi. O’ziga qarayotgan bo’yi kaltaroq, qorachadan kelgan amaliyotchi-xamshiraga ko’ngli tushib qolgandi. Har kuni ertalab xamshira:
-Islam aka ukolizni qilib qo’yay-deb shirin jilmayib kirib kelardi.
-Faqat ukol qilasizmi?!-derdi ayyorano jilmayim.
-Hoo, ko’nglillar yana nima tusaydi...
-Siz yonimda o’tirsangiz bas. Boshqa narsa kerakmas.
-Ukol qilib bo’lguncha yonizda bo’laman-ku. Ha, aytgancha kecha kechqurun Zakovat ko’rdim. Zo’r savollar o’ynaldi, xozir bitta savol esimda qolgandi sizga aytaman, qani toparmikansiz...
-Kerakmas, men hammasini javobini bilaman.
-Qayerdan bilasiz?
-Zakovatdagi hamma taniyman-ku men.
-Yolg’onchi. Qayerdan taniysiz?
-Taniyman-da!
-Sizni ham tanishadimi?
-Bilmadim, tanishsa kerak.
-Anu, bo’yniga medal taqvolgan kattasi bor-ku, o’shani ham taniysizmi?
-Eee u Bobur aka-ku! Albatta taniyman, bir lagandan birga osh yeganmiz axir. Mana qarang.
Telefonini olib, birga tushgan rasmlarini ko’rsata boshladi. Qiz bir noyob yangilik ko’rgandek, ko’zlarini uzmasdan, zavq bilan tomosha qilardi.
-Islam aka siz nega o’ynamagansiz televizorda?
-Ko’rib turibsiz-ku, ahvolimni, buning ustiga kalla bum-bum-deb boshiga urib qo’ydi.
-Aldamang, juda ko’p kitob o’qiysiz-ku...
Shu mahal palataga navbaatchi vrach kirib keldi.
-Siz haliyam ukol qilib bo’lmadizmi? Boshqalar kutib qolishdi-ku, qani bo’ling tez. Muloyim ammo amrona ohangda gapirdi. Hamshira ukolini qildi-da tezda chiqib ketdi.

***

...-Onajon yuring sal nariroqqa boraylik. Huuv ana o’tloqda o’tirib tomosha qilamiz.
-U yerga borguncha charchab qolasan-da, shu yerdan tomosha qila qol.
-Boraqolayliik...
Sekin o’tloq tomon yurib ketishdi...

***

 Bir necha yildan beri kasal edi. Ammo dardini birovga bildirmas, yuzidan tabassum arimas, faqat oxirgi paytlarda ahvoli ancha og’irlashib qolgan edi. Shunday bo’lsa ham tushkunlikka tushmas, faqat olg’a intilardi. Bir qo’lida kapelnitsa bo’lsa, ikkinchisida albatta kitob turardi. Juda ko’p o’qirdi. “Qo’y shu kitoblaringni, boshingni og’ritib nima qilasan?” deyishsa “Yo’q, ertaga Toshkentga borsam kerak bo’ladi” derdi. Ozib ketgandi bechora. Qovoqlari osilib-kirtayib qolgandi. Faqat tabssummi o’sha-o’sha, yoqimli. Ko’zlari ham o’zgarmagan, chaqnab turardi. O’zi boshqa olam, ko’zlari boshqa olam edi.

***

-Shu yerga o’tira qolaylik Ona. O’tirishdi. Havo biroz salqin bo’lgani uchun ona ustigi kiyimini o’g’lining yelkasiga tashladi.
-Ko’ryapsizmi qanday chiroyli, Ona. Quyosh ufqqa bosh qo’ymoqda... Huddi men kabi...
-Unaqa deb yuragimni siqma bolam. Hali to’ylar qilamiz, farzandlaringni ham o’zim katta qilaman...
Islam engashib, onasining oyog’iga bosh qo’yib, g’arb-ufqqa yuzlanib yotdi.
-Men o’zimni ichimda nimalar bo’layotganini bilaman-ku axir, Ona.
-Sen yomon hayollarga bormagin, Xudoyim xohlasa imkonsiz narsaning o’zi yo’q. Sog’ayib, ko’rmagandek bo’lib ketasan hali.
-Insholloh!
Quyoshning deyarli yarimi botib bo’ldi. Osmon qizg’ish tus oldi. Demak, ertaga kun ochiq bo’ladi.
-Ona, tarvuz yegim kelyapti.
-Tarvuz deysanmi bolam?! Xozir ukangga qo’ng’iroq qilaman, olib keladi. Ona cho’ntagidan telefonini olib, kichkina o’g’liga bir nimalar dedi.
-Ana, xozir olib kelarkan, bolam. Yur endi ichkariga kira qolaylik. Havoyam salqinlab qoldi.
-Yana biroz... bizorgina yotay. Aytgancha, bahorda tarvuzni qayerdan toparkan?
-Xozir hamma narsaning iloji bor-ku bolam, topadi-da. Topaman dedi-ku.
-Ha, hamma narsaning iloji bor. Ammo... o’limning iloji yo’qda...
-Yana boshlama bolam...
-Ho’p-ho’p jimman.
-Undan ko’ra gapir, anavi qoracha xamshira qiz senga yoqadimi? Shuni kelin qilamizmi?
Islamning oppoq yuzlariga birdan qizillik yugurdi.
-Yo’g’ee, kim aytdi buni sizga?!
-Birov aytishi shart emas, ko’zlaringdan bilinib turibdi-ku.
-Qo’ysangizchi... biroz jimlikdan so’ng, Komila yaxshi qiz-deb qo’ydi.

***

-Endi nima bo’ladi do’xtir?
-Qo’limizdan kelganini qildik. Afsus, bu yog’i Xudodan. O’g’lingizni ertaga uyga olib ketishingiz mumkin, yaqinlari bilan birga bo’lsin. Bu ukol-u dorilardan ko’ra shu foydaliroq unga.

***

-Ona, sizdan bir narsa so’rasam xafa bo’lmaysizmi?
-Nega xafa bo’larkanman bolam, ona ham farzandidan xafa bo’ladimi hech?!
-Faqat gapimni oxirigacha eshiting.
-Gapiraver, quloqlarim senda...
-Doxtir nima deganini men yaxshi bilaman...
Onaning ichidan bir narsa uzilgandek bo’ldi.
-...ha, bilaman. Vaqti soatim yetganini o’zim ham sezib yuribman, lekin yashashni xohlayman Onajon, yashashni. Hali qilishim kerak bo’lgan ishlar ehhe qancha...
-Yashaysan bolam, yashaysan...
-Sizdan bir narsani iltimos qilaman, agarda men o’lsam, qattiq kuyunmang. Mayli, biroz ko’zyosh to’king, ammo o’zingizni qiynamang. Xozir meni bu hayotda faqat shu narsa ushlab turibdi. O’zi shuncha qiynaganim yetar sizlarni...
-Unaday dema bolam!
-Eshiting Ona, shuncha qiynaganim yetar, ketsam ham azob chekishlarizni istamayman. Axir men bu yerdan ko’ra yaxshiroq olamga ketayapman-ku, to’g’rimi?
-Albatta bolam, Xudoyimning marxamati keng. Jannatning eng yuqorisi... Gapi bo’g’ziga tiqilib qoldi.
-Axir, Xudo suygan bandalarini erta oldiga chaqirib oladi deyishadi-ku, to’g’rimi Ona?!
Ona boshqa chiday olmadi. Ko’zidan yoshlar quyilib chiqa boshladi.
-Axir, Ona vada berdingiz-ku, hali ketmasimdan shunday qilsangiz...
-Bo’ldi bolam, bo’ldi, mana yig’lamayapman. Ona ko’zlarini yengiga arta boshladi. Qani endi ko’z yoshlari tugay qolsa.
-Ona, men u yoqdan sizlarni doim kuzatib turaman. Ha, ha, hammangizni kuzatib turaman. Iloji bo’lsa, tushlaringizga ham kiraman. Faqat meni unutib yubormaysizlar-a?
-Yo Xudo, shuning dardini menga bersang bo’lmasmidi-deb nola qila boshladi.
-Unday demang Ona! Sizga biror nima bo’lsa men chiday olmayman, nargi olamda ham tinch yurolmayman. Qaytarib oling gapingizni.
-Bo’ldi qaytarib olaman, bolam. Tur endi ichkariga kiraylik.
-Xozir, quyosh oxirigacha botsin. Quyosh botdi. Uning qizg’ish nurlari osmonni yoritib turardi.
-Ona menga vada berasiz-a?
-Vada beraman, bolam, vada beraman.
-Qulog’imga ayting ona.
Ona engashib qulog’iga:
-Vada beraman bolam, boshqa yig’lamayman-dedi. Ammo ko’zidagi yoshlar Islamning qulog’iga tushdi. Islam yana o’sha nim tabassumini qildi-da:
-Ehh Onalar, Onalar! Nega hammangiz bir xilsiz-a?! Qulog’izni tuting, men ham bir gap aytayin.
Ona sochlarini to’g’irlab, ko’z yozlarini yana bir qayta artdi-da, qulog’ini tutdi. Butun vujudi quloqqa aylangan edi.
-Ona, menga Kamola yoqadi...
-Voy bolam-e, hali tuzalib ketsang katta to’y qilamiz dedim-ku.
-To’y qilamiz, to’ylar qilamiz... Islamning yuzidan yana rang qochdi. Lablari pirpiray boshladi.
-Nima deyapsan bolam, eshitmayapman. Ona quloqlarini o’g’lining og’zigacha obordi.
-Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasulohu...
-Bolaaamm...

***


Ertasi tongga chiqarishdi. Ochiq havodan darak bergan kechagi ufq ham yolg’onchi bo’lib chiqdi. Qabristonga olib ketishayotganida maydalab qor yog’a boshladi. Osmonda esa birgina  bulut suzib yurardi...

Комментарии

  1. olloh o'z raxmatiga olsin ko'zda yosh bilan o'qidim.

    ОтветитьУдалить
  2. olloh o'z raxmatiga olsin ko'zda yosh bilan o'qidim.

    ОтветитьУдалить
  3. Alloh gunohlarini mag'firat qilsin, yaxshi amallarini o'zi bilan birga qilsin.

    ОтветитьУдалить
  4. Do'stim, anchadan beri sizdan bunaqa ta'sirli blog o'qimagandim. Birodarimizni joylari jannatda bo'lsin

    ОтветитьУдалить
  5. Сунги сузлари хак сузлар булибти ИНШАЛЛОХ жаннати

    ОтветитьУдалить

Отправить комментарий

Популярные сообщения из этого блога

Эй Худо ишқилиб...

"Kitob olami"

Bir oyga 500 ming so'm yetadimi?!