Paypoq


Ajab zamona bo’ldi,yaqolar bo’ldi etak,
Bo’z paytava bo’ldi, boshga chiqdi patak.


   Biz studentlarda bir gap bor: “Paypog’ing butunmi demak,och qolmaysan”. Bu bilan och qolganda paypoq chaynaydi ekan deb tushunmang,shunchaki yirtiq paypoq bilan mehmonga borish noqulay. Oyning uchdan bir qismini mehmonga borib o’tkazmasak, stependiyani yetkazib bo’lmaydi.

   Sentabr keldi deguncha kunlar salqinlashib qoldi. Slansi,shipak,”chips”larda yurganlar birdaniga paypoq sotvolishga,bizga o’xshagan bahorning aprelida yechib, ikkala poyini dumaloq qilib shkafining tagiga tiqvorganlar esa qidirishga tushishdi. Yalangayoq yurganga nima yetsin?! Yalangayoq yurish qanchalik foydali ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Ammo shahri azim bo’lmish Toshkentda yalang oyoq yurgan odamni uchratganmisiz. Men uchratmadim shu paytgacha. Hammasining oyog’ida “Kibo”,”Rebook”,”Adidas”,”Puma”... va boshqa balo battar inomarkadagi botinka-yu, krasovkalar. Bugungi mavzuimiz “Paypoq” bo’gani uchun krasovka-yu, stependiya yoki dollarning ko’tarilishi-yu, Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar haqida yozmoqchi emasdim. Lekin hammasi bir biriga zanjir kabi bog’liq ekan,nima ham qilardim.

   Paypoq o’zi nima? Qachon kashf qilingan? Kim kashf qilgan? degan savollar miyyangizdan o’tayotgani tayin. Afsuski,bu savolingizga men ham javob bera olmayman. Chunki “google”im ishlamayapti. Shuni aniq va tiniq, ravon va tekkis ayta olaman-ki, paypoq kundalik hayotimizning barcha jabhalariga kirib borishga ulgurdi. Men sizlarga hammasini emas, faqat o’zimizga-talabalarga tegishli bo’lgan qismnigina aytaman. Shunga qarab o’zingiz hisob-kitob qilib,hulosa chizib olaverasiz.

     Talabaning ozodaligi,tartibliligi,punktualligini uning kiyinishiga qarab: qimmatbaho kastyum yoki yap-yangi oq ko’ylagidan emas, eng kichkida detal-paypog’idan bilsangiz bo’ladi. Qanday qilib deysizmi? Bu juda oddiy! Siz ixtiyoriy biror talabani uyingizga mehmonga taklif qilib ko’ring. Agar u borishga darrov rozi bo’lsa,demak, paypog’i yangi va teshilmagan. Agar gapni obqochsa... “Hech bir talaba mehmonga taklif qilishsa yo’q demaydi, faqatgina bir holda...” deyishgan ulug’ studentlar.
   Shaxsan mening 3 juft qora va ikki juft oq rangli paypoqlarim bor. Qorasini o’qishga kiyaman. Oqini esa mehmonga borayotganda. Bundan ko’rinib turibdi-ki,paypoqning rangiga qarab qayerga,nima yumush bilan ketayotganini ham aniqlasa bo’lar ekan.

   Talaba bo’lganimning ilk haftasida yotoqxonadan joy tegmagach, kvartira qidirishimga to’g’ri kelgan. Bir hafta davomida kvartira topgunimcha ko’cha-ko’yda, kompyuter klublarda, oshxonalarda yotib yurishga majbur bo’lganman. Xoh ishoning xoh ishonmang buning ham o’ziga yarash gashti bor. Do’stlar bilan qiyinchilik nimaligini ko’rasan, kimning qanaqaligi shunda bilinadi. Bir haftadan keyin 3 kishi bir amallab yashashga xonadon topganmiz. Kechagidek esimda xonaga kirishimiz bilan, qolgan ikkita sherigim birdaniga burlarini berkitdi. Men hech nimani sezganim ham yo’q. Qarsam oyoqlarim ostidan yashilsifat havo yuqoriga qarab ko’tarilyapti. Avvaliga qo’rqib ketdim. Havoning rangini yoki hidning rangini ko’rganmisiz? Ko’rmagansiz! Men ham faqatgina o’shanda ko’rdim. Kechasi qabristonga borsangiz, qabrlarning usti odamdagi fosfor tufayli shulalanib turadi. Mening oyog’imdan ham huddi shundek shulala tarqalayotgan edi o’shanda...

   Uch kishi bir ammalab lom, qachov, teshani obkelib paypog’imni oyog’imdan ko’chirib oldik. Sheriklarim uzoqroq joyga borib ko’mib kelaylik dedi,ko’nmadim. Kerak bo’ladi deb yuvib olib qo’ydim. Aytganimdek ko’p vaqt o’tmasdan hammamizning kunimiz o’sha paypoqqa tushdi. Ertalablari nonushtaga yong’oq chaqib yesangiz, mazza qilasiz. Ammo yongo’qni nimada chaqasiz? Ko’chadan tosh qidirib yurmaymiz-ku! Shartta payoqni oldim-da, bolg’a sifatida foydalanadigan bo’ldim. Biz yashaydigan xonaning eshigi yopilmas edi. Kechasi o’sha paypoqni eshikka tirab ham qo’yadigan bo’ldik. Tashqaridan ikki kishi ham ochib kirisholmasdi hatto... Bu paypoq mening ajralmas sherigimga aylandi. Bitta xonada to’rt: ikkita do’stim, paypog’im va men yashaydigan bo’ldik. Qayerga borsam uni o’zim bilan olib yuradigan bo’ldim. Ko’p marta talpalarda ham foydalanganman. Ikki-uchtasini boshini shu paypog’im bilan yorganman ham. Bir safar metrodagi “yashillilar” sumkamdagi paypoqni ko’rib “sovuq qurol ko’tarib yuribdi”deb protokol ham tuzishvorgandi. Haliyam esimdan chiqmaydi. Qish kunlari edi. Birdan chiroq o’chib qoldi. Xonadonimiz egasining aytishi bo’yicha bir hafta svet ham gaz ham bo’lmas emush. Aksiga olib 2012-yili qish ham juda izg’irin kelgandi. Nima qilishga hayronmiz. Shunda ich-ichimdan sezdim-ki, yaqin do’stimga aylanib ulgurgan paypog’imdan voz kechadigan vaqt keldi. Shartta o’rnimdan turib bir poy paypog’imni oldim-da, uchiga gugurt chaqdim. Xonamiz birdan yorishdi. Mening esa ko’nglim “Estrello” shokoladi kabi qop-qora... Yonayotgan paypog’imni ko’rib ichimdan ezilardim. Yig’lay desam yigitlik g’ururim yo’l qo’ymaydi. Sovuqdan chiqib olishimiz kerak-ku! Payog’im sekin-asta, hid chiqarmasan, tutamasdan yonardi. Hozirgi Xitoyning sintetika mahsuloti emasdi,yuz foizli paxtadan tayyorlangadi-da o’ziyam. Xonamiz sekin isiy boshladi. Kech tushgani uchun hovlida,o’choqqa payog’imni olovida ovqat pishirdik... Shunday qilib bir hafta ham o’tdi. Bu vaqt davomida o’sha paypog’im yonib tugay deb qolgandi. Yetti kun davomida xonamizni isitdi, yoritdi, choy-ovqat qaynatdik shu bilan... Sakkizinchi kuni svet keldi. Paypoq ham yonib tugadi. Xonadoshlarim svet yonganiga xursand, men esa paypoqsiz qolganimga ko’nglim yarim edi. Hamma narsaga vaqt davo deyishadi. Shunday ham bo’ldi. Asta-sekin uni unuta boshladim. O’zimga boshqa huddi shunaqa “do’st” yasab ham olmoqchi bo’ldim,ammo unaqasi boshqa bo’lmadi. Bir yildan keyin uni unutib ham yubordim...   

     Uchinchi kursligimizda “Shahidlar maydoni”ga ekskursiyaga boradigan bo’ldik. Sumkamni titkilayotib o’sha paypog’imning ikkinchi poyini topib oldim. O’zimda yo’q shodman! Muzeyga topshiraman deb uni ham o’zim bilan ovoldim. “Shahidlar maydoni”ga bordik. Muzeyini boshlig’ini oldiga kirib “shunaqa-shunaqa, paypog’imni sizlarga topshirmoqchiman, men uchun juda qadrli..”dedim. Direktor ham tushunadigan odam ekan, vaziyatni tushutirdi. Hujjatbozligi ko’p ekan. Yugur-yugur joylari,qistir-qistir joylari bor dedi. Qisqasi bo’lmadi. Rahmat aytib, alam bilan xonasidan chiqdim. Endi nima qilishimni bilmay turganimda bir gala turistlarga ko’zim tushdi. Shartta oldilariga bordim-da, bittasini ushlab “qayerliksan?” dedim. “Avstraliyalikman”dedi. “Ma,ol, senga sovg’a, ehtiyot qilgin. Facebookdan lichkamga rasmini jo’natib turgin. Nikim: Fozilbey Yusupov”deb paypog’imni qo’liga tutqazib, ko’zimda yosh, qalbimda ayriliq azobi bilan yugurib ketdim.
  
    Ikki oydan so’ng, qayta qo’zg’algan ayriliq alamlari endi bosilay  deganda facebookdan xabar keldi. Ochib qarasam o’zimni paypog’im! Anu avstraliyalik bilan birga. Juda xursand bo’lib ketdim. Men borolmagan joylarga bordi harqalay. Johnning(avstraliyalikning ismi John ekan) aytishi bo’yicha paypog’imdan bumerang sifatida foydalanyapti ekan. Hatto ikki safar Melburn chempioni bo’libdi. Men unga: “ hali qarab tur bumerang musobaqasi bo’yicha Jahon chempioni bo’lasan, faqat uni avayla, ehtiyot qil”deb yaxshi tilaklar bildirib hayrlashdim. Ko’nglim ham tinchidi...

   Eshitishimcha, bu yil paxtani tezroq tervolsak, fabrikalarimiz sifatli paypoq ishlab chiqarishni tezda boshlab yuborar ekan. Agar payoq sanoatimiz rivojlansa, eksport qilish hajmi ham oshadi. Bu esa o’z-o’zidan katta miqdordagi investitsiyalarning yurtimizga kirib kelishini va bevosita dollarning tushishiga sabab bo’ladi. Rossiya va Ukrainada nima uchun haligacha kelishmovchilik? Sizningcha, Qrim masalasi! Yo’q,unday emas. Putin yoshligida sevimli paypog’ini Qrimda yo’qotib qo’ygan ekan,shuning uchun paypog’ini qidirish uchun Qrimni vaqtinchalik “olib turibdi”. Topilsa qaytarib beradi hali...

  Ko’rdizmi siz bo’lsangiz paypoq haqida hech nima yozmayman deysiz. O’zilarcha, “qizlarni payoqdek almashtiradi” deb ham qo’yasiz. Kechirasiz-u, men paypog’imni 3 oyda bir almashtiraman, qizlarni esa haftada 3 marta...


   So’ngso’z o’rnida shuni aytmoqchiman-ki, yaqinda sharh.uz saytida o’qib qoldim “Barcha davrlarning eng buyuk ixtirosi-kitob”ekan. Paypoqchi?! Agar paypoq ixtiro qilinmaganda sovuqda oyog’inga kitob kiyib yurarmiding?!  Paypoqning hayotimizdagi o'rni juda kichik bo'lgani bilan foydasi juda ulkan.Hayotda hali ko’rasan paypoqchalik qadri yo’q, foydasi tegmaydigan odamlar qanchaligini...

Комментарии

Популярные сообщения из этого блога

Эй Худо ишқилиб...

Рустам Капгир — “Очилишни истамаган иш”

Qog'ozbozlik