Chulp-chulp


   Turli xalqlarda odamlar o’rtasidagi axloq,odob,maslak,hayo,sharm,ibo,pardali va beparda narsalar har xil talqin qilinadi. Zamonaviy texnika va ilm-fan taraqqiyotida G’arbning Sharq ustidan hukmfarmolik qilayotganligi, barcha sohalarda o’z shartlarini o’tkazayotganligi shubhasiz. Hozircha shunday (2000-yillar atrofida gap ketmoqda). Yaqin yillarda Xitoy,Yaponiya, Koreya,Hindiston kabi Sharq davlatlari yetakchilikni qo’liga olishi kutilmoqda. Oftob hali u tomda,hali bu tomda... Har xil bashoratlar bor. Ammo bir narsa hozirdanoq(ancha bo’ldi aslida) ayon bo’lib qoldiki, g’arbona axloqiy munosabatlar,ularda odamlarning bir-birlariga oqibati aksariyat xiyla tubanlashib ketgan. Yevropa xalqlarida odamgarchilik talqini bizdagidan butunlay farq qiladi.

   Bir necha yil ilgari oynai jahon orqali surunkasiga ko’p qismli Meksika filmlari(“Shaddot Mariya”, “Esmeralda”, “Gvadalupe”...) namoyish qilingan edi. Ta’qiqlangan narsa mazali bo’ladi,deydilar. Biznikilar bu filmlarga mazaxo’rak bo’lib qolishdi. Chindan ham, ularda odamlarni o’ziga rom qiladigan nihoyatda ibratli jihatlar kam emas. Ammo jiddiy e’tiroz tug’diradigan tarafi shundaki, Meksika odamlarida shahvoniy parda, sharm degan tushunchalar judayam “o’ziga xos” ekan shekilli. Yopiray, ularda odamlar... o’pishmay turolmaydi! Bo’sa ehtiyojga aylanib qolgan ko’rinadi. Voqealar o’pishish bilan boshlanib, o’pishish bilan tugaydi. Mavrudsiz,me’yorsiz va hayosizlarcha qovushish manzaralari dilni lohas qilib yuboradi.

   Televizorning qulog’ini burading deguncha-o’sha gap  “chulp-chulp...” 5 yoshli kichkina singlim “jarayon” boshlandi deguncha shosha-pisha kaftlari bilan ma’sum,hayoli betini berkitib, biron joyga xuddi o’t ketganday, biz kattalarni ogohlantiradi:
      -He yuzing qursin! Qaramanglar,hozir o’pishadi...
Oradan biroz fursat o’tgach, barmoqlarini kerib, mo’ralay boshlaydi qani, “chulp-chulp”tugadimi yoki yo’qmi deb.

   Bu voqealarga ham kamida 10 yil bo’ldi, chamamda. Meksika seriallari oldingidek odamlarni o’ziga jalb qilmay qo’ydi shekilli, o’zbek zangori ekranlarida ko’rinmay qoldi. O’znini Koreya seriallariga bo’shatib berdi.

  Bu koreys deganlari juda g’aroyib bo’larkan. Bir-birlariga huddi erkalanib gapirayotga o’xshashadi, jahli chiqsa ham, so’ksa ham tili shirin-eee bularning. Yurtimizda eng ommalashgani menimcha “Saroy javoxiri”(“Tan Gem”. Tili kelishmaydigan qariyalar “SanGim” deyishadi). Televidiniya orqali har yili bir marta namoyish qilinadi. Kamida! Har bitta harakati-yu, aytadigan gaplari yod bo’lib ketgan bo’lsa-da, oilaviy ko’raveramiz(Buvim ko’rgan kanalni hamma ko’rishga majbur). “Yaxshi serial tomoshabinsiz qolmaydi” deyishgani shu bo’lsa kerak-da. Undan keyin yana bir necha koreys seriallari ommalashdi “Jumong”, “Dengiz hukmdori”,"Bo'rilar zamini", “Teran ildizlar” va hakozo, qisqasi, qaysi kanalga qo’yma “karis” bo’lib qoldi.  

   Bu Sharq deganlari G’arb va Amerika davlatlariga yetaman deb undan ham o’tib ketayapti. Boyagi “chulp-chulp” bilan chegaralanib qolmayapti bular. Meksikaliklar kinosi “chulp-chulp”bilan boshlashgan bo’lsa, bularda yotoqxonadan boshlanib yotoqxonada tugaydi. Boshida yaxshi taassurotlar bilan kirib kelgan koreys seriallari sekin-asta yuzidagi niqobini yecha boshladi.Koreyslar mayli-ku, o’zbek kinosi ham o’sha tarafga ketyapti.

  Film qaxramonlari bir-biriga shu darajada yaqin keladiki, undan ko’ra o’pishib qo’yaqol deging keladi. To’g’rida 3-4 minut yuzma-yuz, burun tegadigan darajada yaqin turvogandan ko’ra 1 minut o’pishib tugatib qo’ygani yaxshi-ku. Gapirmayman deyman-u shu o’zimiznikilarga borib taqalaveradi-da baribir. Kishi boshqalarni gapirishdan oldin “Avval o’zinga boq...” naqliga amal qilgani maqul.

    Kechaginda uyda ukam ikkimiz kino ko’rib o’tirsak, shunaqa “chulp-chulp” boshlanib qoldi. O’zbek kanalida(bilmadim qanday qilib, lekin o’zbeklar dublyaj qilishgan). Hijolat bo’lib ukamga qarasam, bezrayib kinoni ko’rib o’tiribdi, rangi ham o’zgarmaydi. Huddi odatiy holdek, yuzi ham qizarmaydi. Kallasiga bir “qo’ydim”-da “tur bor, telefonimni zaryaddan obke” deb chiqarvordim. Mana sizlarga yoshlar. Bu ketishda qayerga boramiz bilmadim-u, lekin odob-axloq borasida jarlikka qarab ketayotgan o’xshaymiz. Bunda televidiniyaning ta’siri ham katta bo’lmoqda. Filmlar mayli, yosh bolalar uchun mo’ljallangan multfilmlarni olaylik:

“Shrek” degan multfilimni ko’rganmisiz?! Nima demoqchi bu multfilm bilan? Menimcha, “Tashqi ko’rinishni ahamiyati yo’q, muhimi o’zingga o’xshagan xunugini topsang bo’ldi” degan g’oya yotsa kerak. Eshshakni ajdarga sevgisi haqida-ku jimman!..
“Tarzan” degan multfilim ham bor. Qachon qarama daraxtdan daraxtga sakrab yuradigan yalang’och bola haqida...
”Zolushka” multfilimini 50 dan ortiq varianti bo’lsa kerak. Kap-katta qiz kechasi shaxzodasini qidiradi. “tungi kapalak” bo’lsa kerak deb o’ylaydi kishi...
“Betmen” degani ham bor. Ko’rshapalak sifat bittasi moshinani soatiga 450 kilometr haydaydi. Yopiray, 450 km/soat-a. Samalyotlar ham bunaqa tezlikda uchishga qo’rqsa kerak...
“Tom va Jerri” ni hamma yaxshi ko’rsa kerak. Lekin haligacha tushunmayman nega mushuk sichqonni yemaydi. Nima qiladi unaqada tutib (Quyon bilan bo’rida ham huddi shunday. Ha aytgancha,multfilimdagi  quyonni jinsi qanaqa? Na o’g’il bola va na qiz bolaligini bilib bo’ladi)?!
“O’rgimchak odam” degani ham juda mashxur bo’lgan. Ukam bolaligida “o’rgimchak odam” bo’laman deb, o’rgimchakni ushlab chaqtirmoqchi bo’lgandi ham. Bir kuni uyga kelsak hamma yer saqich(zvachka), Nima bu?-desak “o’rgimchak odam”ni ipi deydi. 3-4 ta saqichni chaynab,yumshatib uzun ip qilib tortib qo’liga yopishtirvolibdi...
“Oppog’oy va yetti gnom”chi? Bo’yi yetib qolgan qiz, yettita “erkak” bilan bitta uyda yashasa...

    Bular mayli, hozirda eng ommalashgani bor: “Masha va ayiq”. Tovba qildim qanday qilib ota-ona shunday “hayvon”ni ayiq bilan birga qoldirishi mumkin...


  Xullas yozadigan, gapiradigan narsalarim juda ko’p. 4 ta kurs loyihasi, 10 ga yaqin mustaqil ish topshirishim kerak. Men esa blog yozib o’tiribman. Bu semestr yoki men yoki dekan haydalib ketsa kerak.

Комментарии

Популярные сообщения из этого блога

Эй Худо ишқилиб...

"Kitob olami"

Bir oyga 500 ming so'm yetadimi?!