Toshkentga sayohat

-Iyee Xolmat aka, o’zizmisiz?
-O’zimman inim Nortoy, o’zimman.
-Sizni Toshkentga ko’chib ketdi deyishgandi-ku?
-Qaytip keldim mana.
-Nega qaytib keldingiz?
-Eee gapirsam gap ko’p. Boshqa sapar atyip berarman.
-Odam qiziqdi-da Xolmat aka. Keling mana bu yerga o’tiring, qani-qani... Zulfiya choy obkel. Bir boshidan boshlangchi aka. Qachongacha yangiliklarni qo’shni ko’chadagi “Sora CNN”dan eshitamiz.
-Boshshidan boshlayma?
-“Buyuk portlash”da Yerning paydo bo’lishidan emas, Toshkentga ketishizdan boshlang.
-Undaq chig’an bo’lsa, bitta bolish ham obchiq. Jonboshlab so’zlap beraman.
-Zulfiya bitta yostiq ham olib chiq. Qani aka...
-Shu desang, o’zingdan qolar gap jo’q. Ekki yuzta qo’yni bog’ip, yarim gektar yerda dehqonchiliq qilib, jeganim ovzimda, jemaganim ketimda dorya bo’lib oqib jotardi. Minadaylik paytimda, otam rahmatli “Ertaga katta jayga ishga kirib ketsa diplom kerak bo’ladi”deb zauchna o’qishga topshirtirudi. To’rtta qiltiriq echkini sotip, pulini domlalarga berib diplomniyam ovogandim. Shu desang, yoshlig’imizda bitta Abdullo “sori” degan pishakday sop-sori jo’ramiz bo’lardi. Sen tanimaysan. Dadang Hoshim “garang” yaxshi taniydi. Sakkizinchi sinpga o’tganimizda shu “sori” dadasi bilan Tashkenga ko’chib ketudi. Shu bilan ancha vaqtgacha daragi chiqmadi. Jo’ralar bilan eslamay ham qo’ydik. Bir kuni menga kanvrt keldi de. Shu joshimga kirib birovdan xat-pat olmag’andim. Sekiin bir chekasini jirtib ochdim, ichida bir varaq qog’oz. O’qisam anashu Abdullo “sori”dan ekan. Tashkenda yashayapman depti. Kuchayip ketiptimish. Qachangacha qo’y boqasan, meni oldimga ke, minetta birga kayp-sapo qilib yashaymiz depti. Diploming bo’lsa undan yaxshi, ish tovup beraman depti. O’zi shu paytlar nimagadir ichim torig’ib jurudim. Qishlaqdagi bir xillik jonimg’a tiygandi. Hotin bilan maslahatni bitta jaydan chiqarip, qo’ylarni sotip Tashkenga ko’chib ketadigan bo’ldik. Uch shanba qo’ylarimni bozorga obchiqib pulladim. Hamma pulni bitta belbovimga tuyip, uydagi sondiqni kaltaroq bir oyog’ini taniga bostirib qo’ygan diplomimni olib “hayo huv” deb shaxarga jo’navordim. Yaxshilab jaylashganimdan keyin hotinni ham obketaman deb ko’ndirdim. Jo’q menam boraman deydi. Sizni u yahda qizlar boshizni aylantirib tashaydi deydi. Shunda meni rostan sevishiga ishandim. Zo’rg’a bir amallab ko’ndirib, o’zim yo’lga jixvordime... Bay, bay, bay u yahdagi odamni ko’pligini ko’rsang vey. Botir “bangi”, G’oppor “cho’loq”, Burxon “terak”ni suruvlaridagi qo’y-echkilarini qo’shsangam undan kam bo’lsa kerakov. Abitgacha shaxar aylanib itday charchadim o’ziyam. Iyaqa o’tamam melisa to’xtatib posprt so’raydi, biyaqa o’tsamam posprt so’raydi. Shomga jaqin “sori”ga tilpon qilsam, hotini oldi. Shunaqa-shunaqa deb maga kelganimni tushuntirdim. Hotinini aytishicha “sori” kamandiropkaga ketiptimush. Uch-to’r kunda qaytadi dedi. Obba qisatalag’ey dedim. Shu paytiyam kamandiropkaga ketama?! A meni uy-puyga, ish-pishga jaylab ketsa o’larmidi?! Nimayam qilardim, endi men ham shaxarlik bo’voldim. Qo’ylarni puli kirib ketmasidan bitta uy ovosam yaxshi bo’lardi. “Uy bozori” degan jay bor ekan ularda. Hamma uyini sotadiganlar ashitga borib “Uy sotaman” diydikan. Basharasi yoqqanini imlab chekaga chag’irib sovdalashovrarkansan. Menam bitta mindayraq bolani chaqirib dardimni ayttim. “Puliz borma bova?”dedi. Tugunni ochip ko’rsattim. “Bo’ldi bova! Bu puliz ikki xonali uyga yetadi” dedi. Menga ekki xonali uy maga kerak? Bir xona bo’sayam bo’luvradi. Bir-ekki oy ishlasam baribir yana sotip, jiyirmga sotih yer olip uy ko’taraman dedim. “Bo’ldi bova, unaqada bir xonali uy olip beraman, hamma xujjatlarini ham o’zim to’g’irlayman, ozgina qo’shib berasiz-da faqat” dedi. Shu jugur-jugur desa qoshim tikka bo’latta. Yangangga uylanaman deganimda zaksdagilar toza ovora qilishgan. Shundan beri qog’ozbozlik joqmaydi. “Mayli inim, aytgan pulingni beraman, qolganini o’zing hal qilip bersang bo’ldi” dedim. Ertaga keling dedi. Gostinsaga borib bir oqshom tunadim. Ertansiga borsam, aytgan uyiga oppordi. Jomonmas, oddiy kvartira-da! Men kvartira ko’rmapmanma?! Rayon markazida o’qishda o’qib jurganimda ikki hapta kvartirada turganman. Bo’ladi dedim. Pulini sanap berdim. Enag’arni bolasi xursand bo’lib ketdi. Menam ishim tez bitgani xursand bo’lib, endi Abdullo “sori” keguncha bir-ekki kun dam olaman deb jonboshlagandim, eshik toqqilab qoldi. Borib ochsam melisa turipti. Keling ukovsi, nima qizmat desam, “Men shetti uchaskovoyi bo’laman, o’zizni va uyni xujjatlarini olib chiqib ko’rsatsayz, bir tekshib qo’ysam. Rasmiyatchilik endi” dedi. Hamma xujjatlarni opchiqib qo’lig’a tutqazib, eshikkni qiyasiga kerilib suyanip turdim. Hamma xujjarlarim jayidaydi-da.
-Yaxshi xujjatlariz joyida, faqat bu xonadonni egasi bilan ijara shartnomasi tuzib, vaqtinchalik ro’yxatdan o’tib qo’yishiz kerak.
-Bu uyni egasi endi menman. Boyag’ina sotvoldim. Xujjatlarini anu oriq bola tuvirlab berdi.
-Sotib olgan bo’lsangiz yaxshi. Lekin buni rasmiylashtirish kerak.
O’ziz hallab qo’yovring kamandir uka deb, picha pul uzatsam unamadi.
-Siz shaxarga yaqinda kelgan ko’rinasiz. Bu narsa pul bilan bitadigan ish emas aka. Hammasi xujjatbozlik. Besh kun ichida shartnoma tuzib, vaqtincha ro’yxatdan o’tmasangiz shaxardan chiqarvorib, shtraf solishimizga to’g’ri keladi.
-Unaqada nima qilay men? Qayerga boray?
-Ertaga ertalab idoramizga chiqing, bir boshidan tushuntiraman. Qanaqa xujjarlar kerakligini ro’yxatini beraman. Shunga qarab harakat qilasiz.
-Men uyni sotvoldim deyappan-ku, erkak lafzim bilan aldamasam kerak.
-Ehh aka-ey, bu narsalar oddiy lafz bilan bitadigan ishlar emas-da. Hamma narsa hujjatli. Ertaga yonimga chiqing.
Bo’pti dedim. Ichkariga taklip qilsam kirmadi. Obbo baribir jugur-jugursiz ish pitmas ekan-da, dedim...
Ertamatandan uchoskovoyxonaga bordim. Kechagi melisa hali ishga kemagan ekan, poylab turdim. Abitga yaqin keldi.
-Keldizmi aka?! Demak, birinchi navbatda notarius qabuliga navbatga yozilib qo’ying. Navbatiz kelguncha qolgan xujjatlarni tahlab bo’lasiz. Yarim qogo’zlarni “Pasportniy stol”ni o’zida ishlaydigan qizlar to’ldirib berishadi. Ozgina chiqimi bora xalos.
-Biz chiqimdan qochadigan odammasmiz. Shu pulni o’zizga beray uka. Xal qilib qo’yaqoling.
-Bu meni qo’limdan kelmaydi-da, bo’lmasam yo’q dermidim.
Ha, bo’pti deb aytg’an manzili bo’yicha notarisga bordim. Eh-hee ko’rsang tumonot odam. Baqir-chaqir, qiy-chuv. Hali notarisni kattasi kemapti. Shunga ocherd bo’p ketibtiymish. Oxirida turip navbatga yozildim. Bir payt hamma jimm bo’lib qoldi de. Magag-magap desam, bitta qorni meshday hotin ekki etajli moshinadan tushib, biz tomonga jurib kelyapti. Hamma qotaaar bo’lib, anu hotinga qarab salom beryapti. Yonimda turgan piskaroq ko’zli qizdan “Shuma kattasi?” desam, ha dedi. Bayboo kerilishini qara bu hotinni dedim. Birorta odamga alik omasdan, xonasiga kirip ketti. Endi navbat siljib, tezroq ishim pitsa kerak degandim, qohta! Ola siyirga o’xshagan boyag’i hotin yana chiqib ketdi. Yordamchisi bugun kemaydi, deganidan keyin hamma tarqaldi. Menam kvartiramga qayttim. Ertansiga yana borsam, yana shu ahvol. Oxiyri jonimga tiydi. Yordamchini chaqirib “mashnaqa-mashnaqa”deb vaziyatni tushuntirdim. Shustriygina qiz ekan barmoqlarini ishqalab, “Pul ber” deganday qildi. Shartta kissasiga o’n ming solib qo’ydim. “Bo’ldi bova siz qolgan xujjatlarni to’g’irlayvering, men sizni keyingi hafta qabulga yozib qo’yaman” dedi. Sal bo’sayam ishim jengillashdi, o’n ming so’m qayttan kelip qaytga ketmaydi. Minetta sorg’ayib turganimdan ko’ra shuni yaxshi qaytanga. Endi “Posprt istol”ga borib qolganini tuvirlayveraman deb yo’lga tushdim. Borsam iyahta ham shu ahvol. Bitta beti cho’tir bolani chekaga tortib, kissasiga pul soludim, “Bo’ldi, yes qilamiz”deb boshlig’ini xonasiga kirib ketti. Yarim soatlarda chiqib, qo’limga bir tolay qog’ozlarni tutqazdi. Manashularni to’ldirib, to’g’irlab kelasiz dedi. Mincha ko’p desan, bu hali yarmi deydi. Qog’ozlarni olib birma-bir to’ldirib tashadim. Bir-ekkita tushunmagan jayimni atroptagilardan so’rasam, bo’zrayib qarap berishdi. O’llaring senlar dedim ichimda. Odamgarchiliklaring qolmabdi dedim. Hamma qog’ozlarni jiyishtirib uchaskovoyxonamga bordim. Melisa jigitga bo’gan gaplarni ayttim. Miyig’ida kulib eshitti.
-Manashularni tuvirlasam bo’ldima? Keyin menam shaxarlik bo’lamanma? Hech kim tiyinmaydima menga?
-Eee qayoqda akaxon, bu boshlanishi. Hali uyning kadastr hujjatlari, uyga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi, davlat boji to’langanligi haqida kvitansiya, notarius tomonidan tasdiqlangan ijara shartnomasi nusxasi...
-To’xta, to’xta inim. Manashu sen aytayotgan qog’ozlarni tuvirlab kelishimga qancha vaqt ketadi?
-Puliz va tanish bilishiz bo’lsa ikki hafta. Bo’lmasam bir odan oshiqroq vaqtiz ketadi.
-Yeh-hee...
-Buning ustiga bu hujjatlarni har yili qaytadan qilishizga to’g’ri keladi-dedi...
Pashol dedim. Shaxaringam, kvartirangam, kaypu-saponagam kerakmas deb, qaytvorgan jayim. Mana shunaqa gaplar inim Shuxratboy. Shaxarlik bo’lish osonmaskan. Undan ko’ra dalamda qo’ylarimni bog’ip yursam kayp-saponi kattasini qiliman.
-Abdulla “sori” nima bo’ldi?
-Kelyotib ungayam bitta xat yozip keldim.
-Nima deb yozdiz?

-“Seni erkakliginga ham qog’oz orqali ishanadigan shaxaring o’zingga buyursin” deb jozdim...

Комментарии

Популярные сообщения из этого блога

Эй Худо ишқилиб...

"Kitob olami"

Bir oyga 500 ming so'm yetadimi?!