Menga nima?
Qornim o’lgudek och, yonimda 3000 so’m pulim qolgan. Anchadan beri ish bilan shug’ullanmay qo’yganim uchun bir oydan beri puldan ozgina muammo bor. Ko’p emas ozgina. Lekin ko’ngil xotirjam. Muhimi shu!
Bugungi tong ham boshqalaridan hech qanday farq qilmay boshlandi. O’zi tong deyishga ham uyalasan kishi. Soat 10:15 daqiqa o’tibdi. O’qishga kirganimdan beri faqat tushlikdan so’ng o’qiyotganimiz uchun uyquchi bo’lib qolibman. O’rnimdan turishim bilan gazga choy qo’ydim, yuz-qo’llarimni yuvib bo’lgunimcha qaynab turadi. Yuvinib chiqsam, choynak(chovgum emas oddiy qopqog’i yo’q temir choynak)dagi suv endi jizzlay boshlabdi. Bugun yakshanba, hamma xonadoshlarim uyiga ketishgan. Men esa bu hafta ham yana bir o’zim qoldim. Negadir uyga borgim keladi-yu, hadeb boraverishga andisha qilaman. Har safar borganimda huddi pul uchun borgandek tuyulaveradi. Bir necha yillik qiyinchilikdan keyin o’qishga kirganim uchunmi, bilmadim, Toshkentdan ketgim kelmaydi. O’zi ,tezroq harakat qiladigan bo’lsam uyga 1,5 soatda yetaman, lekin baribir borgim kelmaydi...
Choynakdagi choyning jizzalab sekin qaynay boshlashini kuzatar ekanman, boshimda kechagi kundan qolgan 3 ta tuxumni qaynatib yesammikan yoki quvurib degan fikr aylanardi. Yaxshisi qaynatib yeya qolaman, har qalay yog’ tejaladi. Tortmadan tuxumlarni olib liqqilatib ko’rdim(liqqilatganimda agar tuxum ichida nimadir o’ynasa, uni yemayman), ikkitasi yaxshi, bittasi esa liqqilayapti. Demak nonushta 2 ta qaynatilgan tuxum deya choynakda qaynab turgan suvning ustiga solvordim. To’g’rida, hozir choyni damlab qo’ysam-u, tuxum qaynab pishgunicha damlagan choyim sovib qoladi. Keyin yana boshqatdan choy qo’y, yana damla... Bu yoqda yana oshiqcha “zavarka” va sovuq suvning hisoblagichi aylanadi...
Nonushtani quyuq qilib bo’lgach, joyimga borib cho’zildim. Endi kunning qolgan qismini qanday o’tkazish haqida bosh qotirsam ham bo’ladi. Javon ustida turgan kitoblarimni pastga-yonimga oldim. 8 tasi kurs loyihamga tegishli maxsus darsliklar. 4 tasi badiiy adabiyotlar: 1-si Shekspir pyessalari, 2-Gabriel Garsia Markesning “Yolg’izlikning yuz yili” romani, 3-si Jaloliddin Rumiyning “Yetti mo’jiza”si va oxirgisi Aziz Nesinning “Har kallada har hayol”degan kichkina kitobchasi. Bu kitoblarni sotib olganimga kamida 6 oy bo’ldi. Ichidan faqat “Yolg’izlikni yuz yili” bilan “Otello”ni o’qidim halos. Qolganiga qunt bo’lmadi. To’g’risini aytsam notebook olganimdan beri kitob o’qimay qo’ydim. Qo’limga kitobni olaman-u, o’qishni davom ettirishga hafsala topa olmayman. Hammasi pala-partish varaqlab chiqdim-da, yana javon ustiga chiroyli qilib terib qo’ydim. Bugun yakshanba bo’lsa, dam olish kunim hech bo’lmasa kitob o’qimay. Odamlarga o’xshab hordiq chiqaray. Xonada yotavergandan baribir foyda yo’q, yaxshisi bir ko’chalarni aylanib kelsam. Ancha bo’lda piyoda ko’cha aylanmaganimga. O’rnimdan turib, hali yig’ilmagan joyimni yig’ishtirib, kiyinishga tushdim. Birinchi, talabaning eng katta muammosi: Kecha kechqurun yuvilib hali yaxshi qurimagan paypoqni kiyaymi yoki tarashadan qattiqroq bo’lib qolgan o’tgan kungisini... buning ham iloji topildi. Xonadoshimning divanni tagidagi oq paypog’ini kiyaman. Baribir bilmaydi. Endi ustimga nimadir kiyishim kerak. Fudbolkam bilan chap tomoni sekin chirib, yirtila boshlagan jinsi shimimni kiysammikan, yoki oq ko’ylak bilan klassik qora shim... Jinsimni kiya qolaman. Yirtiq jinsi moda-ku! Ba’zilar ataylab shunaqasini sotvolishadi.
...Ko’chadaman. Qayerga borishni o’ylab ham ko’rmasdan to’g’riga ketyapman. Qulog’imda quloqchin(naushnik). Sevimli xonandam Yulduz Usmonova kuylamoqda:
Bir kuni yuragim gullaydi chunon,
Qo’llarim ikkimas bo’lar o’n million.
Barcha raqiblarim qolur bezabon,
G’ururim dilimdan to’kilmay tursang ...
“G’ururim dilimdan to’kilmay tursang...” ichimda xirgoya qilib, barmoqlarimni o’zimcha musiqaga mos qimirlatib ketayabman. Yana shu joyini qaytardi “G’ururim...”. Hayolimdan ayol kishida g’urur nima qiladi degan fikr o’tdi. Axir ular ojiza bo’lsa, hamma g’urur biz yigitlarda-ku! Xuddi shu fikrni oxirigacha o’ylab ulgurmasimdan...
Bilsangiz “Talabalar shaxarchasi”da Milliy Universitetning stadioni bor. O’sha stadion atrofi o’rindiqlarga to’la, yana aksariyati daraxtning panasida. Bu o’rindiqlarda deyarli hamma vaqt band. Juft-juft bo’lib yigit-qizlar o’tirishadi doim.O’sha yerda bir yigit bilan qiz tortishyabdi, agar buni tortishuv deb bo’lsa:
-Keting, keting dedim. Siz meni kim deb o’ylayapsiz?!..
-Iltimos Asal, to’xtang. Gapimni eshiting. Men sizni yaxshi ko’raman. Ishoning gapim rost. Hohlasangiz hozir oldizda tiz cho’kaman...
Gap poylayotgandek bo’lib qolmay deb tez yurib ketdim. Ozgina yurgach orqamga bir qarab ham qo’ydim. Uzoqdan yigit tiz cho’kkandek ko’rindi ko’zimga. Balki,rostdan ko’ringandir. Shu ko’zim uzoqni yaxshi “olmaydi-da”.
“G’ururim dilimdan to’kilmay tursang... To’xta. Stop! G’urur yigitlarda dedimmi boya. Adashgan ko’rinaman. Yuqoridagi yigit “qovun tushirib” qo’ydi-ku. Nega deysizmi? Ana qiz bolani oldida tiz cho’kishga tayyor turibdi-ku,shunga aytaman. Nima qilibdi tiz cho’ksa, chindan ham qattiq sevsa kerak-da. Chindan sevsa ho’p-ho’p,shunchaki ermak uchun qilayotgan bo’lsachi? Barcha yigitlarni shani ketmayabdimi bu yerda? Muhammad Yusuf ham yozgan-ku axir:
“Ista tiz cho’kaman hozir oldingda,
Sevdim,sevganimdan uyalmoq nechun?!” deb. Tiz cho’ksa cho’kaversin!
Kechirasiz bu ikki qatorning davomi ham bor:
“Barcha farishtalar sening qalbingda,
Ijarada turgan qizlar men uchun”...
Shoir bu bilan nima demoqchi bilasizmi?! Agar bilsangiz, er yigit hech qachon ayol kishining xusni-jamoli uchun tiz cho’kmaydi. Ayol kishining bokiraligi, toza qalbi uchun tiz cho’kadi. Tashqi go’zallik o’tkinchi...
Shoir shuni tushuntirmoqchi. Siz o’ylagandek “Ijarada turgan qizlar” men uchun emas. Aytishadi-ku, yaxshi insonlar qalbida farishtalar ijaraga turadi deb(O’zim ham yaqinda bildim. Ulug’bek degan do’stim tushintirdi).
G’ururga qaytsak. Demak, mening fikrim noto’g’ri ekan,g’urursiz yigitlar ham topilib turadi. Yuqoridagi bunga misol bo’lmasa ham, bundaylar borligiga ishonchim ko’mil. Sizga bir gap aysam. Men uchun eng qimmat va qadrlaydigan nasaram bu-insondagi g’urur va samimiylik. Shundaylarni bilamanki ularda g’ururdan asar ham yo’q. Yaxshi ko’rgan qizini deb Ota-Onasidan voz kechganlar, xotinini gapiga kirib ukasini uydan haydaganlar, pul-mansab uchun kimlarnidir ketini “yalaganlar”... bunaqalar ko’p. Lekin g’ururli, or-nomuslilar ham bor. Faqat sal kamayib ketdi oxirgi paytda. Shundaylarni bilaman-ki, bir to’g’ram nonga muhtoj o’tirsa ham g’ururi yo’l qo’ymagan ishni qilmaydi. Bozorga borvolib ayollarni ich kiyimini sotmaydi,xotinini ko’chaga pulga jo’natvorib, uyda yonboshlab yotvomaydi, foyda uchun do’stini “kiydirib” ketmaydi...
Alpomish To’ychixon zindonida yotganida Qorajon qutqargani keladi, esingizdami?!Keyinchalik Qorajon bilan oramizda biror nima o’tsa yuzimga solmasin qutqarganini deb, arqonni ataylab uzib yuboradi. Biladiki, agar shunday bo’ladigan bo’lsa, bunga u chiday olmaydi. Bu dostonga ming yildan oshdi adashmasam. O’sha paytlarda hamma yigitlar g’ururli bo’lgan bo’lsa kerak-a?! Yo’q, u paytda ham pastkashlar bo’lgan, faqat hozirgidan kamroq, ancha kamroq.
Qo’shiq davom etyapti:
Sen uchun to’kilib ado bo’laman,
Maysaning dilida paydo bo’laman.
To’kilma, to’kilma jonim...
Milliy Universitet stadionidan o’tgan yo’lak orqali “Beruniy” metro tomon yo’lni kesib o’tayapman. Ko’rgan bo’lsangiz o’sha ikki yoqlama yo’lning o’rtasidan piyodalar uchun kattagina yo’lak bor. Yo’lakning boshlanishida bittagina orindiq jotlashgan. O’zi ikkitagina taxtasi borligiga qaramasdan doim shu yerda odam o’tiradi. Hozir ham o’tirishibdi ekan. Yana bir yigit bilan bir qiz. Shu quloq o’lgur kichkina bo’lsa ham juda tiniq eshitadi-da, quloqchinda bo’lishimga qaramasdan, anavi ikkilasining baqir-chaqiri shunaqa yaxshi eshitilayaptiki... 50 metrcha uzoqlikka borib qo’shiqni o’chirib shularni janjalini eshitgim kelib ketdi. Yigit:
- Bor, ket! Men seni yaxshi ko’rmayman. Aldagandim,xa AL-DA-GAN-DIM. Sevaman deb hazillashudim.
- Unaqa demang Vosit aka. shunchaki jaxliz chiqib turgni uchun aytaypsiz-a? Xazillashdim deng, aying. Hazillashdim deng...
Boyagining huddi teskarisi bu yoqda bo’lyapti ekan “Ket” deyabdimi, basharasiga tupurib ketvor. Nima qilasan yalinib. Hammani (ko’chada mendan boshqa ikkita taksichi bor halos) oldida sharmanda bo’lishga arziydimi shu?! “Qani sendagi To’maris nomusi yoki Shirin ibosi...” degancha yo’limni davom etidim. Hozir qizlarga nima bo’lgan hayronsan. Yosh boshidan yigitsirab qolishgan hammasi. Mushtdek keladiganining ham “yaxshi ko’rgani” bor. Ba’zilarida ikkita-uchta. .
Kechirasiz, g’urur degani faqat yigitlarga hos emas ekan. Qiz bolada ham g’urur bo’lishi kerak. Bo’lmasa mana bu qizdek ko’zga shunaqangi yomon ko’rinar ekannn. Yuqoridagi “yigitlarga hos” degan fikrimni qaytarib oldim.
Besh qo’l baravar emas. Hammani birdek o’lchab bo’lmaydi albatta. Shunday ayollarni bilaman-ki, eri olamdan o’tib ketganiga necha yillar bo’lgan bo’lsa ham, sevgisiga sadoqadda qolib, turmushga chiqmay, farzandini yolg’iz o’stirgan. Shundaylarini bilam-ki, erini oldida yumshoq supurgi-yu, eri ishga ketganda jazmanini uyiga chaqiradi. Shundaylarini bilanmi-ki, uning so’kinishini eshitgan er kishi yoqa ushlaydi, shundaylarini bilaman-ki, umri davomida birovga yomon gapirmagan, fitna qilmagan, g’iybat qilmagan. Yana shundaylarini bilam-ki, kalta yubka kiyib olgan bo’lsa ham, ko’ngli beg’ubor, shunchaki davr oqimiga tushib qolgan halos, shundaylarini bilaman-ki, sipo kiyinib, ro’mol o’ravolib, suyuqoyoq qilmaydigan ishlarni qiladi... Balki, siz bulardan battarlarini ham bilarsiz?! Qiqasi “g’urur” atamasi bizning o’zbek lug’atimizdan sekin-asta chiqib ketayotgandek nazdimda. Shuncha narsamizni yo’qotdik, keling hech bo’lmasa shuni olib qolaylik. G’urursiz o’zbek-rasmsiz pasportdek gap axir.
“Eeee menga nima. Men o’zimga to’g’ri bo’lsam bo’ldi-da” deb shular haqida o’ylamaslikka harakat qilaman. Menimcha fojea mana shunda. “Menga nima?” bo’lsa kerak. Befarq insondan hafliroq narsa bo’lmasa kerak.
Qo’shiq ham tugab, keyingisiga o’tib bo’libdi:
Tamagirni torqilab nafsi qo’ymas deydilar,
Nokas o’zi to’ysa ham, nafsi to’ymas deydilar.
Yolg’on dunyo bu dunyo, arzon dunyo bu dunyo
Ne-ne hokim beklardan qolgan dunyo bu dunyo...
Nega bu xonanda odamni o’ylantiradiga qo’shiqlar aytmasa. Bugun dam olish kuni o’ylash ham kerakmas demak. Endi telefonimni cho’ntagimdan olib boshqa qo’shiqqa o’tkazmoqchi bo’lib turganimda SMS kelib qoldi. “Sizning hisobingiz 179 ming so’mga to’ldi...” . Yess, stependiya zagruzka bo’ldi. Odatda yakshanba zagruzka bo’lmas edi, nima jin urdi ekan. Eee, menga nima muhimi hisobimga pul tushdi...
Комментарии
Отправить комментарий