Qo'ynidan to'kilsa qo'njiga

   Assalomu alaykum azizlar! Omonmisiz?  Horib tolmasdan ilm olayapsizmi?! Yashang! Charchamang. Shundoq davom etavering. Avvalo,Sizlarni  bezovta qilganim uchun uzr so’rayman. Aybga buyurmaysizlar endi, bir savol tug’ilib qolgandi... shunga haddim sig’ib sizlardan maslahat olay dedim. Yana nima balolarni boshlab yuribdi ekan bu bola dersiz?! Hozir, biroz shoshmang, hammasini bir boshidan tushuntiraman.

   Hammangiz maktabda, kollejda qolaversa Oliy ta’lim muassasalarida adabiyot, tarix,falsafa, pedagogika-psixologiya kabi darslarni o’tgansiz. Aminman-ki shunday dars paytlarida o’qituvchingiz sizga bizning buyuk bobokalonlarimiz haqida zavq-u shavq bilan gapirib berganlar. Yaqinda bir darsda o’qituvchi “ Biz dunyo sivilizatsiyasiga beshik vazifasini o’taganmiz”, “Bizning “Uyg’onish davri”mizda G’arb hali g’aflat uyqsidan uyg’onmagan edi”, “Ular darslik qilib o’qiyotgan Beruniy ham, Ibn Sino-yu Ulug’bek ham bizniki, tojikniki ham emas, qozoqniki ham emas,O’zbeklarniki”. Hammasi yaxshi ketayotgan edi shu birgina “...tojiknki ham emas, qozoqniki ham emas,O’zbeklarniki!” degan jihati sal noo’rin bo’ldi nazarimda. Nega deysizmi?! Ular rostdan ham  bizniki-ku deysizmi?! Unda eshiting.

    Keyingi vaqtlarda “meros talashish” degan bir narsa paydo bo’ldi. O’zbeklar go’yo Ibn Sinoni “o’zlariniki” qilib olgan emishlar. Tojik kim-u, o’zbek kim? Qondosh-jondosh, yor-birodar xalqlarku. “Qo’ynidan to’kilsa-qo’njiga”degan gap bor. Albatta. Muruvvat ikki tomonlama bo’ladi. Xo’sh, Ibn Sinoni o’zbeklarniki deb aytilsa, tojik birodarlarimiz ham undan “mahrum” bo’lib qolmaydilar-ku. Mantiq shuni taqozo qilmaydimi? Haqiqatdan ham, ming yillar ilgari yashab ijod etgan buyuk mutafakkirlar, xoh Abu Rayhon Beruniy bo’lsin, xoh Abu Ali ibn Sino bo’lsin,shuningdek,Abu Nasr Farobiy, Muhammad al-Xorazmiy, al-Farg’oniylar o’z “pasport”lariga yoki “tarjimai hol”lariga “men-o’zbekman” yoki “men –qozoqman”, “men-tojikman” deb yozmaganlar.

-U zamonlarda O’rta Osiyoda “milliy chegaralanish” o’tkazilmaganda deysizmi?
-Agar ular, bir zamonlar kelib o’z avlodlari bu qadar “milliylashib”, mayda-chuydalashib ketishini bilganlarida...gap boshqa edi.
-Rost-da. Qardosh xalqlar bir-birlari bilan bu tariqa “meros talashib” yursalar, bu narsa oxir-oqibatda xalqimizning hamdo’stligiga...
-Buyuk ajdodlarimiz xotirasiga ham!..
-Munosib ish bo’lmaydi.
-Bunday raqobat va ig’vogarlik, gij-gijlash azaliy do’st-birodar xalqlarimizni, ularning do’stlarini ranjitadi...
-Suvni loyqalatib, baliq ushlamoqchi bo’lgan g’animlarning tegirmoniga suv quyadi holos.
-Oltmishinchi yillarning o’rtalarida bu mutafakkir va mutafannin olimlarimizni “o’rta osiyolik olimlar”deb atashga kelishib olingan edi-ku deysizmi?
-Menimcha, shu birdan-bir to’g’ri qaror. Negaki, Beruniy, Ibn Sino, al-Farobiy, al-Farg’oniy, al-Xorazmiy, Ahmad Yassaviy va boshqalar butun O’rta Osiyo xalqlariga...
-Nainki O’rta Osiyo,boringki, butun dunyo xalqlariga yetib ortadi. Qiziq-da: butun Yevropaning eng nufuzli oliy maktablarida Ibn Sinoning “Qonun fit-tib” asari olti asr mobaynida tibbiyot ilmidan asosiy darslik sifatida o’qitib kelingan ekan, mazkur asarni ular “bu kimniki”-deb surishtirib o’tirmay, allaqachon o’zlariniki qilib olib, o’zlashtirib bo’lganlar. Biz bo’lsak,butun, o’zimizga batamom sodiq qolgan holda, Sino o’zbekmi yoki tojikmi deb “masala” talashib yuribmiz.

   Chindan-da, ingliz Isaak Nyuton-kimniki? U “Ulug’ Britaniya tortishish qonuni” emas, balki butun olam tortishish qonunini  kashf etgan. Demak: Nyuton dunyo olimi.
  O’rta osiyolik mutafakkirlar ham muayyan milliy chegarada yashagan fuqaroni emas, balki arabu ajam, forsu  xitoy, hindu turkni o’rgandilar... Zamin, osmon, havo, suv, sayyoralarni tadqiq etdilar. Binobarin, ular milliy emas, balki miqyosni butun Sharqu G’arb darajasida kengaytirgan jahoniy olimlar edilar, deyilishga to’la ma’naviy asos bor.
  Miqyosni muayyan bir millat yoki, ehtimol, qabila, urug’lar qadar toraytirib emas, balki umuminsoniy mushtarak manfaatlar qadar kengaytirib munosabatda bo’lsak, bu mantiqqa ham, tarixga ham, insofga ham mos ish bo’ladi.
   Aks holda kulguga qolamiz.

Albatta, biz butun O’rta Osiyo xalqlari, jumladan o’zbeklar, tojiklar, qozoqlar,turkmanlar, qizg’izlar, yagona manfaat yo’lida birlashgan butun mamlakatimiz xalqlari, qolaversa,butun arab va ajam qavmlari barchasi o’zlarini o’sha ming yillik merosga daxldor deb bilsalar, ne ajab? Vorisiylik tuyg’usi, jug’rofiy va tarixiy haqqoniyat ham shuni taqozo etadi. Bas, biz bugun muhokamani “merosxo’rlik muammosi”ga qaratgandan ko’ra,ularning yo’qolgan qimmatbaho asarlarini qidirib topish, topilganlarini esa tojik, o’zbek, qozoq va hokazo tillarga to’kis tarjima qilib, o’rganib, o’zlashtirib, chinakamiga o’zimizniki qilib olish ustida qiyin amaliy ishlarni boshlashimiz kerak.





Комментарии

Популярные сообщения из этого блога

Эй Худо ишқилиб...

"Kitob olami"

Bir oyga 500 ming so'm yetadimi?!