Birga-bir

         “Birga-bir” nimaligini bilasizmi? Sizlarda qanaqaligni bilmadim-u, lekin haqiqiy “birga-bir” nimaligini oliy o’quv yurtiga kirganimdan keyin bildim. Har qalay 4 yil davomida hech narsa o’rganmagandan ko’ra shu “birga-bir”ni bilib ketaman. Ming qilsa ham “Oliy o’quv yurti”da! ungacha bo’lgan bilimingizga bilim, tajribangizga tajriba qo’shadi.  Mening hayotimda to’rtta “birga-bir” bor, shulardan uchtasini sizga aytib berayin. “To’rtinchisichi?” deysizmi, to’rtinchisini ko’rishganda aytaman, bu yer joyimas...

Birinchi “Birga-bir”

             Bizni  yoshligimizda “yur ketdik, palonchi joyda birga-bir bo’lyapti” deyishsa yugrib borardik. “Birga-bir” deganda birorta bola, boshqa birortasi bilan yakkama-yakka urshishi tushunilardi. Mahallaning hamma yigitlari tomosha qilgani borishardi. Atrofdagilardan hech kim, hatto katlak yeyotgan bolaning do’stlari-yu, akalari ham qo’shilmasdi. “Yengildim, taslimman” deyishsa “jang” to’xtatilardi. G’olib yigit esa keyingisi bilan birga-bir chiqardi.  Shu tariqa mahallaning “karol”lari aniqlanardi. Ular,ya’ni g’oliblar keyinchalik boshqa mahallaning zo’ravonlari kelib qolishsa “birga-bir yeyishardi”... Men ham bunaqa “birga-bir”lardan bir necha marta “yeyishganman”(ko’proq yegan bo’lsam kerak)...


Ikkinchi “Birga-bir”

     Sal ulg’ayib, maktabni bitirib,odam soniga qo’shilib qolganimizdan keyin yana “Birga-bir” boshlandi. Bunisi endi bolalikdagi “birga-bir”dan ancha farq qiladi. Bolaligimizda “birga-bir”da hamma kamroq “yeyishga” harakat qilgan bo’lsa, bunisida aksincha. Hamma faqat yesam deydi. Qanaqa “birga-bir” haqida gap ketayotganini tushindiz chamamda. “Birga-bir” bu- choyxonada hamma masallig’i bir kilodan qilinib palovxonto’ra tayyorlash tushiniladi. Bunda guruch ham, go’sht ham, sabzi ham bir kilodan bo’lishi kerak. Oldingi “birga-bir” nozikroq, qo’polroq qilib aytganda “pachoqroq” bolalar “yeyishgan” bo’lsa, bu “Birga-bir”da gavdaliroq,baqquvatroq, qo’polroq qilib aytganda “qo’pol” lar ko’proq yeyishadi. Birinchi “birga-bir”dan bolalikda rosa “yeyavergan”imizdan, ikkinchi “birga-bir” uncha ketmaydigan bo’lib qolgan...


Eng muhimi: Uchinchi “Birga-bir”

    Boshida aytib o’tganimdek, haqiqiy “birga-bir”ni Universitetga kirganimdan keyin bildim. Universitetda ham o’quv jarayonida emas, talabani talaba qiladigan SESSIYA jarayonida. Barcha oraliq va joriy nazorat ishlarini topshirib bo’lgandan keyin, yakuniy nazoratlar arafasida guruximiz “starostasi” hamma bollarni yig’ib: “Domla bilan gaplshib chiqdim, “birga-bir” bo’ladigan bo’ldi”-deb qoldi. Miyyamga “ana o’lding endi Fozilbek, domla har bir talaba bilan birma-bir savol-javob qiladi” degan fikr, hotinning eriga qarab otgan “iskavarodka”sidan ham tez uchib o’tdi. Hayolimda domla bilan bo’ladigan yakkama-yakka “olishuvni” rejalashtirib turganmda “starosta” oldimga kelib: “Ber” deydi. Nimani? desam, labini bir tarafi tortilib, kulgan sifat bo’lib, bosh barmog’ini ko’rsatgich va “fakyu” barmog’iga ishqalab pulni ishorasini ko’rsatdi. Nega desam, “aytdim-ku domla “birga-bir” ekan”-dedi. Ichimdan xursand bo’lib ketdim. Harqalay, 2 ta katta kitobni o’qib kelib topshirgandan ko’ra bitta “birga-bir” choyxona qilib bergan yaxshida. Buning ustiga harajatni guruhga teng bo’lvorsa hech nimadan tushmaydi deyarli... “Men guruch obkelaman” dedim. “Starosta” hayron, “qanaqa guruch” deydi, “osh qilishga-da, menda xonamda devzira guruch boridi bir kilo, shuni beraman. Kecha Odilov Andijonga uyiga borganda obkegandi. O’zim bir osh qilib yemoqchi edim-u, mayli, domlaga nasib qilgan ekan” dedim. “Starosta” nima deyayotganimni faxmlab qoldi shekilli,qoziqday-qoziqday tishlarini ko’rsatib, butun koridorni boshiga ko’tarib kulvorsa deng. Yetti yarim minutcha kulib bo’lganidan keyin menga “birga-bir”ni tushuntirdi... Bu men bilmaydigan “birga-bir” domlaning “stavkasi” ekan. “Birga-bir” bu- uch baho uchun 30 ming, to’rt baho uchun 40 ming, besh baho uchun 50 ming deganiligini shunda bilganman. Yuqoridagi birinchi va ikkinchi “birga-bir”lardan qochib bo’lardi-yu, lekin bunisidan qutila olmas ekansiz. “Pachoq” ham “qo’pol” ham “birga-bir”...



P.S.   Shuncha yil davomida “birga-bir” bo’lgan domlalar endi “bir yarimga-bir” dasturiga o’tayotgan emish. Iltimos yana bir yil “birga-bir” bo’lib turinglarvh , keyin menga desa “o’nga-bir” bo’lmaysizlarmi.

Комментарии

Популярные сообщения из этого блога

Эй Худо ишқилиб...

Рустам Капгир — “Очилишни истамаган иш”

Qog'ozbozlik